Перейти в канал

Dasturlash and StartUp | H-TTU

548
Bir necha oy nima qilishni bilmay yurdim. Menga berilgan estafeta tayoqchasini qo’ldan tushirib yuborib tadbirkorlarning ilg’or avlodining ishonchini oqlay olmaganimni his qilib ezilardim. Devid Pakkard va Bob Noys (“Hewlett-Packard” va “Intel” kompaniyalarining asoschilari) bilan uchrashib, yo’l qo’ygan xatom uchun uzr so’ramoqqa chog’landim. Men hammaning ko’z o’ngida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, bu dahshat vodiysidan qanday qilib chiqib ketish haqida o’ylardim. Ammo ruhimda nimalardir asta-sekin uyg’ona boshlagan edi – hamon nima ishni yaxshi ko’rsam o’shani qilardim. “Apple”da yuz bergan voqea meni o’zgartira olmagan edi. Ko’kragimdan itarishsa ham men hanuz uni yaxshi ko’rardim. Shu bois hammasini boshidan boshlashga qaror qildim. O’shanda men buni sezmagan ekanman, “Apple”dan quvilishim hayotimda yuz bergan eng yaxshi voqea bo’lib chiqdi. G’oliblikning mas’uliyati yelkasidan bosib turgan odamdan biror nimaga ishonchi unchalik qat’iy bo’lmagan beg’am boshlovchiga aylandim. Zero, o’shanda hayotimdagi ijodim eng gullagan davrlardan biriga qadam qo’yish uchun ishdan ozod bo’lgan ekanman. Keyingi besh yilda shaxsan o’zim “NeXT” deb atagan kompaniyaga, “Pixar” deb atagan yana bir kompaniyaga asos soldim, ajoyib bir ayolni sevib unga uylandim. “Pixar” tarixda birinchi bo’lib kompyuterda ishlangan animatsion film – “O’yinchoqlar tarixi”ni yaratdi va bugungi kunda dunyodagi eng muvaffaqiyatli animatsiya studiyasi hisoblanadi. Meni hayron qoldirib, “Apple” “NeXT”ni sotib oldi va men “Apple”ga qaytdim, “NeXT”da ishlab chiqilgan texnologiya esa “Apple”ning bugungi yuksalishining negiziga aylandi. Loren ikkalamizning oilamizga esa ko’pchilik havas qiladi. Men shunga aminmanki, agar “Apple”dan quvilmaganimda bularning hech biri yuz bermas edi. Bu juda achchiq, ammo kasalning shifo topishi uchun zarur bo’lgan bir dori edi. Ba’zan hayot boshga to’qmoq bilan uradi. Noumid bo’lmang. Men aminmanki, yagona suyanchim o’z ishimga muhabbatim bo’lgan. Nimani yaxshi ko’rsang shuni izlashing kerak. Bu ishga ham, munosabatlarga ham taalluqli. Ish hayotingizning katta qismini band etishi turgan gap, undan rohatlanishga yordam beruvchi yagona tuyg’u juda katta ish qilayotganingga ishonishdir. Buyuk ishni amalga oshirish uchun esa uni sevish kerak. Agar siz uni hali topmagan bo’lsangiz izlashda davom eting. Taslim bo’lmang. Yurakka taalluqli hamma narsa singari siz bu ishni qachon topishingizni ko’nglingiz sezadi va barcha buyuk tuyg’ular kabi yillar o’tishi bilan bu sevgi faqat kuchayadi. Shunday ekan, uni topmaguningizcha izlashda davom eting. Taslim bo’lmang. Uchinchi hikoyam o’lim haqida. O’n yetti yoshimda bir hikmat o’qigandim, mazmuni taxminan shunday edi: “Agar har kunni xuddi oxirgi kuningday yashasang, bir kuni albatta haq bo’lib chiqasan”. U menga qattiq ta’sir qildi va shundan buyon, mana o’ttiz uch yildirki, har kuni ertalab oynaga qarab turib o’zimdan so’rayman: “Agar bugun umrimning oxirgi kuni bo’lsa, bugunga rejalashtirgan ishlarim bilan shug’ullanishni xohlarmidim?” Mabodo juda ko’p kunlar mobaynida o’zimga-o’zim ketma-ket “yo’q” deb javob bersam, demak, nimanidir o’zgartirishim kerakligini anglayman. O’zimga o’zim umrning o’tkinchiligini, yaqinda o’lishim mumkinligini eslatishim har doim ulkan hayotiy qarorlar qabul qilishimga yordam bergan eng muhim xususiyatlardan biridir. Chunki boshqa hamma narsa – birovlarning mish-mishlari, mag’rurlik, muvaffaqiyatsizlikka uchrash yoki sharmanda bo’lishdan qo’rqish hissi – o’lim oldida bularning barchasi xira tortib qayoqqadir g’oyib bo’ladi va haqiqatan nima zarur bo’lsa, o’sha qoladi. O’zingga o’zing o’limni eslatish – qopqonga – yo’qotadigan narsalaring borligi haqidagi fikr­lar ta’siriga tushmaslik borasida men bilgan usullarining eng yaxshisidir. Sen rostdan ham yalang’ochu yalangoyoqsan va qalbingga quloq solmaslikka hech bir sabab yo’q.