Перейти в канал

Iymon

322
Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Ko‘p kulma, ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi, dedilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati). Imom Navaviy aytadilar: Ko‘p kulishdan tiyilish lozim. Ko‘p kulish Allohning zikridan uzoqlashtiradi hamda qalbni qattiqlashishiga olib keladi. Imom G‘azzoliy bu haqda bunday deganlar: Ko‘p kulgu xavf, mahzunlik, o‘lim va qiyomatni eslash kabi xususiyatlarni qalbdan chiqarib yuboradi. Bu esa qalbning o‘lishidir. Biroq bugun hayotda sodir bo‘layotgan voqealar ko‘p kulish nafaqat qalbni o‘ldirishi, balki inson o‘limiga ham sabab bo‘lishini isbotlamoqda. Xususan, ko‘p kulish oqibatida dunyodan ko‘z yumgan bir qancha shaxslarni keltirish mumkin. Ularning ro‘yxati alohida bir nechta kitobni tashkil etadi. Kasbi g‘isht teruvchi usta bo‘lgan Aleks Mitchell 1975 yil komediyali shou dasturini ko‘rib, ko‘p kulish oqibatida vafot etgan. Muzqaymoq sotuvchisi Damnoen Saen 2003 yil tushida beto‘xtov ikki daqiqa davomida kulib, havo yetishmasligi natijasida vafot etdi. Ole Bentzen komedik kinoni beto‘xtov kulib tomosha qilganda yurak urishi tezlashib, daqiqasiga 250 martagacha urishga yetgan. Oqibatida infarkt bo‘lib olamdan o‘tdi. Er.av. III asrda yashagan qadimgi yunon faylasufi Xrisipp eshagiga sharob ichirib, mast eshakning holini ko‘rib, tinmay kulishi natijasida nafasi siqilib vafot etgan. Aksariyat odamlar “kulish umrni uzaytiradi” iborasini o‘zlariga shior qilib olib, beto‘xtov kulishlarining guvohi bo‘lamiz. Biroq har bir narsaning me’yori va mezoni borligini yoddan chiqarmaylik. Axir, “asalning ham ozi shirin”, deb dono xalqimiz bejiz aytmagan. Yuqoridagi ayanchli holatlar ham aynan chegaradan o‘tish oqibatida yuzaga kelgan. Shunday ekan, ko‘p kulsam umrim uzoq bo‘ladi, degan xom xayollar bilan o‘z umringizni zavol qilmang. Stokgolm instituti mutaxassislari 110 dan ortiq kishida tajriba o‘tkazib, ko‘p kulishning sog‘liqqa zararlari, ayniqsa, yurakni toliqtirib, jismni charchatishini aniqlab, ilmiy tarzda isbotlab berdilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ko‘p kulma!” dedilar, “Umuman kulma”, demadilar. Chunki kulish har bir tirik jonga xos, tabiiy holatdir. Har bir ishda o‘zlarining ummatlariga o‘rnak bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlariga amal qilsak, inshaalloh, ikki dunyo saodatiga erishamiz. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislari barcha fan-texnika yutuqlariyu, ilmiy kashfiyot, ixtirolardan oldinroq biz uchun nima yaxshiyu, nima zararligining bashoratini bergan dasturul amaldir. Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kulishdagi xulqlari qanday edi? Keling, bu haqda mo‘minlar onasi Oysha (roziyallohu anho)dan so‘rab, o‘rganib olaylik. Onamiz Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning og‘izlarini katta ochib, og‘izlarining ichi ko‘rinadigan darajada kulganlarini ko‘rmaganman. U zot (sollallohu alayhi va sallam) doimo tabassum qilar edilar (Buxoriy rivoyati). Shuningdek, Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’i (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan ko‘ra ko‘proq tabassum qiladigan biror kishini ko‘rmadim”. Boshqa rivoyatda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kulgilari faqat tabassumdan iborat edi”, deyilgan. (Termiziy rivoyati). Alloh sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlariga to‘liq amal qilish orqali ikki dunyo saodatiga erishishni nasib etsin. https://tt.me/iymon