Перейти в канал

Muhammad Yusuf

708
OSMONNING OXIRI Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi. Menga juda yoqdi bu javob. Osmonning oxiri yo`q, axir! Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz. Osmonning esa oxiri yo`q. Yo`l chetida yumalab yotgan toshni tepdim. Toshdan sado chiqmadi. Xudoga soldim, degani bu. Olma shohiga osilib devorga chiqdim. To`kilgan meva qumursqalarga ermak bo`ldi. To`kilgan devor tuprog`i esa gunohimga gunoh bo`lib qo`shildi. Tunda paxsakash chol tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi. Xuddi eski devor buzilganiday… Uyquning oxiri – o`lim. O`limning oxiri esa yo`q. Bo`lsa ham hech kim unga yetgan emas. Axir o`lim bu hamma narsaning oxiri-da. Odamning umri goho yerda yotgan qog`ozcha ham emas. Ertalab ishga ketayotib ko`rgan qog`ozingni kechda qaytishda ham ko`rishing mumkin. Ertalab ko`rgan odamni esa hamisha kechqurun ko`ravermaysan. Chumoli chumolini o`ligini tashiydi. Biya qulunidan ko`z uzmay o`tlaydi. Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi. Yer odamni boqadi. Kiyintiradi. Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi. Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi. Odam uni o`ylamaydi. Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan o`zligini yo`qotadi. Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yo`qotgani ko`proqdir... Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yig`laydi. Dunyodagi barcha yo`llarning oxiri - yig`i. Dunyoning oxiri - qiyomat ham yig`i. Odam yig`i nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan o`tgan bo`ladi.