Перейти в канал

Muhammad Yusuf

394
LOLAQIZG`ALDOQ Shavkat Rahmon xotirasiga Mendan nima qolar: Ikki misra she’r, Ikki sandiq kitob, Bir uyum tuproq. Odamlar ortimdan Nima desa der, Men seni o`ylayman O`zimdan ko`proq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Men ketsam, yomondan Yiroq bo`l, ohu, Chunki sen chiroyli, Ko`rkli bir juvon. Yomon kunlar bir kun Yaxshi bo`lar-u, Yomon odam yaxshi Bo`lmas hech qachon… Yasha chegarada Turgandek ogoh, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Uyda yotibman-u, Sezib turipman, Ko`kda kelayotir Qushlar qaytishib. Xayrlar yog`dirib Qanotlaridan, Xasta shoiriga Vido aytishib. Bor, mening uchun ham Ularga qo`l qoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ularni men yana Ko`rarmanmi-a, Ayvondan odamdek Kuzatolmadim. Kuz. To`ylar boshlandi. Yuragim pora – Bitta qizimni ham Uzatolmadim… Demak, taqdir ekan To`y ko`rmay o`lmoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Biroq, ko`nglim sezar, Mendan keyin ham, Bir kun bu hovliga Odam to`ladi. Hali to`ylar qilib Charchaysan, erkam, Mening qizlarim eng Baxtli bo`ladi! Kelinlar ko`ylagi Ruhimday oppoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Gulim, yaqinroq kel, Qara, ne savdo, Bu ajib ishlarni Dil lavhiga yoz: Kimga qasr yetmas, Kimga mol-dunyo, Menga esa havo Yetmaydi, xolos. Tiriklar mudroqda, O`liklar uyg`oq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ko`ksim kuyib borar, Ko`krak yonmoqda, Ayting do`xtirlarga, Yorishsa yorsin! Jism o`z ulfati – Jondan tonmoqda. Bechora jon endi Qayerga borsin. Endi osmon yiroq, Endi yer yumshoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Bunu xayot derlar, Unutma aslo, Bir kun ochilasan, Bir kun so`lasan. Qalbimda-ku, faqat Sen eding tanho, Qabrim ustida ham O`zing bo`lasan. Sen bizning sevgidan Xotira – bayroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ayol qalbing bilan Suv kech, olov kech, G`am kelsa boshingdan Xushing uchmasin. Xudodan so`radim: Mendan keyin hech, Nomard kimsalarga Ishing tushmasin. Ularning qo`lida Hamisha tuzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ishing tushsa, inim Muhammadga bor, Shoirlar ichida Ishonganim shu. Biroz ichishini Aytmasa agar, Ko`ksi tiniq bola, Halol bola u. Faqat sal soddaroq, Faqat sal yoshroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Jon so`ngi boshpana Toparkan ongda, U yurak ostida Derdim men bo`lsam. Ajablanma agar Ertaga tongda Seni o`pib, O`shni Quchoqlab o`lsam!.. O`tinchim – tepamda Yig`lama uzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq!