Перейти в канал

Muhammad Yusuf

383
SODDA MUHAMMADMAN Sodda Muhammadman, Sodda Muhammad. Turkman qizni maqtab baloga qoldim. Ko`ylagiga xavas qilgandim faqat, Toabad tuganmas g`avg`oga qoldim… Nedan ranjidingiz jon singillarim, Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar. Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim, Ammo yomon botdi siz otgan toshlar. Yorug` dunyoda-ku bari qiz go`zal, Millat tanlamas-ku husn degani, Nigohim Jayhundan sakrab o`tsa sal, Qaydan bilay sizga malol kelganin. Yurtim suluvlari sizga yo`q ta’rif, Qoshingizda o`sma yursa sirg`alib, Uzun sochingizni o`rsangiz tarab, Boqsa degan edim oy ham suqlanib. Asli turkman qiz bir bahona xolos, Izlaganim edi sizlar kabilar, Qo`msaganim hayo – momomlarga xos, Sog`inganim edi Kumushbibilar… Yonsam hajringizda mening yonishim, Kuysam siz tufayli ko`nglimdagi cho`g`, Turkman qizlarda yo`q mening tanishim, Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo`q!